Eʼtirofga munosib ustoz

6

– Good morning, dear pupils. If you are ready today, lets begin our lesson. Who is absent? (Аssalomu alaykum, aziz oʼquvchilar. Bugungi darsga tayyor boʼlsangiz, mashgʼulotimizni boshlaymiz. Bugun kim yoʼq?)
– All pupils are present. Everybody is ready for lesson. (Barcha oʼquvchilar darsda. Hammamiz darsga tayyormiz.)
Komila muallim guruh sardorining davomat haqidagi bildirgisini eshitgach, odatdagidek, oʼquvchilar eʼtiboriga yangi animatsion lavha namoyish etadi. Pedagogning ingliz tilidagi bunday roliklarni qoʼyib berishidan maqsad, matematika, fizika yoki jismoniy tarbiya darsidan chiqib, oʼz faniga kirib kelgan oʼquvchilarning diqqat-eʼtiborini mashgʼulotlariga jalb etishga qaratilgan. Video-tasvirlarda aks etgan gʼoya esa shogirdlarini oʼz ustida puxta ishlashiga undaydi, ruhlantiradi, ezgu ishlarga motivatsiya uygʼotadi.

Oʼqituvchilar sulolasi
Fargʼona «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyining ingliz tili fani oʼqituvchisi Komila Qoʼchqorova 1985 yili Quvasoy shahrida ziyoli oilada tugʼilgan. Oʼrta maʼlumotni Quvasoy shahridagi 22-umumtaʼlim maktabida oldi. Qahramonimizning bolalik damlaridanoq oʼqituvchilik kasbiga mehri boʼlakcha edi. Boz ustiga u pedagoglar sulolasining davomchisi. Onasi nafaqaga qadar oʼzi oʼqigan 22-umumtaʼlim maktabida boshlangʼich sinf oʼqituvchisi boʼlib ishladi.
Kenja opasi ham shu maktabda biologiya fani oʼqituvchisi, toʼngʼichi esa maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyachi sifatida faoliyat yuritgani uchun bolajonlarga uyda qoʼl mehnati yordamida turli koʼrgazmali qurollar yasaganini koʼrib, bu sohaga zavqu shavq bilan qarar edi. Maktab oʼquvchilarining daftarlarini tartibga keltirish, tadbirlar oʼtkazishda ham Komila onasining dastyori edi.
Intiluvchan, izlanuvchan qizaloq maktabning ingliz tili oʼqituvchisi Rasul Qozoqboevning eʼtiboriga tushib, uni qoʼshimcha mashgʼulotlariga jalb etdi, fan olimpiadasiga tayyorladi. Ingliz tilini oʼrganish ishtiyoqi uni Fargʼona davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyida oʼqib yurgan kezlarida ham tark etmadi. Bu yerda ingliz tili fani ustozlari Luiza Ismoilova, Era Kim, ona tili va adabiyot fani muallimi Hasanboy Аshurovdan milliy va xorijiy tillarning nodir qirralari, oʼtmishi va bugungi davr silsilasidagi oʼzgarishlarini qunt bilan oʼrgandi.
Pedagoglikka ilk qadam
Аyni kasbga havas Komilani Fargʼona davlat universitetining filologiya fakulьteti ingliz tili taʼlim yoʼnalishiga yetakladi. Universitetda filologiya fanlari nomzodi Yoʼldosh Saidov, Isoqjon Tojiboev, Mohira Oxunjonova, Luiza Galimulina singari murabbiylaridan kasb sirlarini puxta oʼzlashtirdi. Malakaviy amaliyotini taʼlim muassasalarida oʼtab, sohaga doir dastlabki malaka va koʼnikmalarini shakllantirdi.
2008 yili universitetni bitirgach, oʼzi oʼqigan FarDU qoshidagi 3-akademik litseyida ish boshladi. Bu yerda ilk bor bilimga chanqoq oʼquvchilarga saboq berishga kirishdi. 2012 yildan oʼz faoliyatini Fargʼona «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyida davom ettirdi.
«Intizom bor joyda, sifat boʼladi»
Аvval fuqaroviy, soʼng harbiy litseyda ishlagani bois Komila Qoʼchqorova har ikki turdagi taʼlim dargohi oʼquvchilaridagi oʼxshashlik va tafovutni yaxshi anglaydi, taqqoslaydi.
– Fargʼona davlat universiteti qoshidagi litseyda qizlar va oʼgʼil bolalar aralash oʼqiydi. Harbiy litseyda oʼqishga esa faqat yigitlar saralab olinadi. Har ikki bilim maskani oʼquvchilarining mushtarak jihati shundaki, yelkasida oliy maʼlumotli mutaxassis boʼlib, ota-onasining yuzini yorugʼ qilish masʼuliyati ancha kuchliroq, – deydi tajribali pedagog Komila Qoʼchqorova. – Fuqaroviy taʼlim muassasalaridan farqli oʼlaroq, harbiy bilim yurtlarida tartib-intizom birinchi oʼrinda turadi. Oʼquvchilar va oʼqituvchilar uchun intizom bor joyda, sifat koʼrsatkichi kutilganidek boʼladi. Tajribamdan maʼlumki, meʼyoridan ortiq qattiqqoʼllik ham doim foyda bermaydi. Bolaning tilini topish kerak. Ularning oʼz oldiga qoʼygan ezgu maqsadiga yetishishiga chin dildan koʼmaklashishga intilaman. Oʼquvchilarga astoydil bilim berish uchun liyetsimizda barcha sharoitlar muhayyo. Ingliz tili fani xonasi kompьyuterlashtirilgan boʼlib, zarur oʼquv jihozlari bilan taʼminlangan. Bu maskanni hech ikkilanmay, yangilanayotgan Oʼzbekistonning yangi «Temurbeklar maktabi» boʼldi, deya olaman!
Hayotini yoshlarga bilim, ziyo ulashishga bagʼishlagan pedagog darsida oʼquvchilar eʼtiborini jalb qilishning oʼziga xos metodlarini qoʼllaydi. Ularni qiziqtirish uchun har bir mashgʼulotda albatta biror taʼlimiy yangilik olib keladi. Shundanmi, akademik litsey oʼquvchilarining ingliz tilini oʼrganishga ishtiyoqi baland. Pedagog ular uchun darsdan tashqari «Ingliz tili» toʼgaragida har haftada uch kun qoʼshimcha mashgʼulotlar oʼtadi.
Yutuqlar oʼz-oʼzidan kelmaydi
Komila ustoz ingliz tili darslarida oʼquvchilarning fikrini erkin ifodalashiga alohida ahamiyat beradi. Yoʼq, notoʼgʼri aytding, deyishdan koʼra, «Bunaqasi ham toʼgʼri boʼlishi mumkin, lekin mana bunisi koʼproq mos keladi» deya yanglish fikrni toʼgʼri yoʼnaltiradi. Uning oʼqib-oʼrgatganlari beiz ketmayapti. Oʼquvchilari muayyan yutuqlarga erishib, litsey sharafini yuqori pogʼonaga koʼtarayotgani bor gap. Jumladan, 2016 yili respublikamizdagi «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi oʼquvchilari oʼrtasida ingliz tilida oʼtkazilgan tanlov-viktorinada faxrli 2-oʼrinni egalladi.
2013 yildan beri Fargʼona «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi oʼquvchilari ingliz tili boʼyicha fan olimpiadalarida yuqori oʼrinlarni egallab kelmoqda. Xususan, 2019 yili mazkur litsey oʼquvchisi Humoyun Ismoilov ingliz tilidan oʼrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʼquvchilari oʼrtasida oʼtkazilgan fan olimpiadasining viloyat bosqichida gʼolib boʼldi. Bunday muvaffaqiyatlarga oʼz-oʼzidan erishilgani yoʼq. Fidoyi muallim Komila Qoʼchqorovaning oʼquv jarayoniga ilgʼor xorijiy tajribalar, innovatsion pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishi, oʼquvchilarga ilm-fan asoslarini oʼrgatib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda munosib hissasi bor.
Qahramonimizning har tomonlama sogʼlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni ona Vatanga muhabbat, istiqlol gʼoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash yoʼlidagi ibratli faoliyati inobatga olinib, Prezident farmoniga muvofiq, 1 oktyabrь – Oʼqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofoti – «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.
– Bu yilgi Oʼqituvchi va murabbiylar kuni jamoamiz uchun qoʼshaloq bayram boʼldi, – deydi Fargʼona «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi direktori podpolkovnik Аlisher Аbdurahmonov. – Ingliz tili fani oʼqituvchisi Komila Qoʼchqorovaning «Sodiq xizmatlari uchun» medali sohibi boʼlgani jamoamiz mehnatiga qaratilgan eʼtibor, yosh oʼqituvchilar uchun munosib ragʼbat, deb oʼylayman. Komila hamkasblari bilan oʼzaro munosabatda xushmuomala, kamtarin, jamoatchilik ishlarida faol. Qisqa qilib aytganda, yuksak eʼtiroflarga loyiq oʼqituvchi. Oʼz ustida tinimsiz ishlaydigan bunday fidoyi pedagoglarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Dilshod ROʼZIQULOV, Mudofaa vazirligi
Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti maʼlumoti

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati