“BIZ O‘ZIMIZ BARCHASIGA QODIRMIZ”

159

Andijon shahrida joylashgan harbiy qismda yoshlarning harbiy vatanparvarlik ruhidagi tarbiyasini mustahkamlash maqsadida o‘tgan hafta “Biz o‘zimiz barchasiga qodirmiz” shiori ostida harbiy vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.
Tadbirda viloyatning ikki mingdan ortiq yoshlari, shu bilan birga, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan “Mehr-1” va “Mehr-2” operatsiyalarida yurtimizga xorijdagi jang o‘choqlaridan qaytarilgan yoshlar va ularning oila a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirga viloyat hududidagi barcha kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari jalb qilindi.
Tadbir davomida yoshlar e’tiboriga harbiy qism faxriy qorovulining ko‘rgazmali chiqishlari, qo‘l jangi usullari namoyish etildi. Shuningdek, ular harbiy qism sport maydonida tashkil etilgan sport tadbirlarini tomosha qildilar. Jamoalar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi va musobaqa yakunlariga ko‘ra g‘oliblar munosib rag‘batlantirildi.
Turli o‘quv nuqtalarida yoshlarni qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan tanishtirishlar amalga oshirildi, jangovar texnikalar, aloqa, muhandislik,
tog‘ tayyorgarligi va boshqa vositalar hamda qurol-yarog‘lar namoyish etildi.
Harbiy xizmatchilar va yoshlarning kitob va kasbga bo‘lgan qiziqishlarini inobatga olib, arzonlashtirilgan kitob yarmarkasi hamda hunarmandlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali anjomlar namoyishi ham o‘tkazildi.
Harbiy qism madaniyat markazida sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar tomoshasi va Farg‘ona garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshidagi harbiy orkestr jamoasining kuy va qo‘shiqlari mehmonlarga o‘zgacha zavq ulashdi.
Bu kabi festivallar yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omillardan ekanligi inobatga olinib, kelgusida viloyatning barcha tumanlarida shunday tadbirlarni o‘tkazib borish rejalashtirildi.

SHARQIY HARBIY OKRUG MATBUOT XIZMATI