Ikki oʼzbek jangchisining jasadi qoldiqlari vataniga olib kelindi

2

2019 yilning noyabrь oyi oʼrtalarida Ukrainaning Rovno viloyatidagi Pustoivanniy qishlogʼi oʼrmonlarida yer kovlayotgan ishchilar inson jasadi qoldiqlariga duch kelishdi.
Ukrainadagi “Zaxod-sxod” koʼngillilar qidiruv otryadi Rovno viloyati oʼrmonlarida topilgan jasadlar Аndijon viloyati, Paxtaobod tumanidan harbiy xizmatga chaqirilgan va 1941 yil urushning ilk kunlarida halok boʼlgan oʼzbekistonlik askarlarga tegishli ekanini aniqladi.
Ukrainadagi “Zaxod-Sxod” qidiruv otryadi rahbari Maksim Xrovning aytishicha, jasad qoldiqlari yonidan ularning ism-familiyasidan tortib qaysi harbiy komissariatdan harbiy xizmatga chaqirilgani haqidagi maʼlumotlar jamlangan medalьonlar ham topilgan.
Kovlab olingan paytda bu jasadlar Osiyo millatiga mansub ekanligi bilingan. Chunki ularning boshidagi kaskalari ostida qora sochlar saqlanib qolgan.
Ular hatto bir oʼchirgʼichni ikkiga boʼlib ishlatishgan. Bir boʼlagi bunisining choʼntagidan, yana bir boʼlagi ikkinchisining choʼntagidan chiqqan. Medalьonlar yorib koʼrilganda, ikki oʼgʼlon Oʼzbekistonnning Аndijon viloyatidan ekanligi maʼlum boʼlgan.
Ular Mamadaliev Toʼychiboy, 1915 yilda Аndijon viloyatining Paxtaobod tumani, Stalin kolxozida tugʼilgan, 1939 yilda Аndijon tumani harbiy komissariatidan xizmatga chaqirtirilgan. Harbiy unvoni oddiy askar boʼlgan.
Ikkinchisi 1919 yilda Аndijonning Paxtaobod tumani, Uygʼur qishlogʼida tugʼilgan, harbiy xizmatga Izboskan tumanidan 1940 yilda chaqirilgan oddiy askar Xoliqov Qurbonboy boʼlgan.
1941 yil 22 iyunь kuni Germaniya qoʼshinlari chegarani kesib oʼtib, sovet shaharlarini bombardimon qilishni boshlagan va bir hafta ichida Ukrainaning gʼarbiy viloyatlarini ishgʼol etgan.
Taxminlarga koʼra, sobiq Ittifoq rahbari Germaniyaning bosqiniga tayyorgarlik koʼrmagani sabab urushning ilk kunlari oʼn minglab qizil askarlar halok boʼlgan.
Ukrainadagi “Zaxod-Sxod” qidiruv otryadi maʼlumotiga koʼra, oʼzbek askarlarining qoldiqlari topilgan joyni Germaniya qoʼshinlari 1941 yilning 29 iyuniga qadar nazoratiga olgan.
Bu askarlar aynan 1941 yilning iyunь oyi oxirida nemislarning minomyot oʼqi oskolkasidan halok boʼlganiga aniqlik kiritilgan. Ularni yonidan belkurak va temir suv idishi ham topilgan.
Shundan soʼng Oʼzbekistondagi “Nuroniy” jamgʼarmasining Аndijon viloyati boʼlimi xodimlari Ukrainada topilgan oʼzbek askarlari jasadlari qarindoshlarini izlab topish ishlarini amalga oshirishdi. Lekin ularning qarindoshlari topilmadi.
“Nuroniy” jamgʼarmasining Аndijon viloyati boʼlimi xodimlari tomonidan 2020 yil 12 mart kuni yurtdoshlarimiz oddiy askar Mamadaliev Toʼychiboy va oddiy askar Xoliqov Qurbonboy jasadlari qoldigʼi Аndijon viloyatiga olib kelindi.
Bu ikki oʼzbek oʼgʼlonlarining jasadlari qoldiqlarini hurmat-ehtirom bilan qayta dafn etish marosimida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, viloyat hokimligi, yoshlar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati